Jomiy (taxallusi; asl ism-sharifi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad) (1414.7.11, Jom — 1492.8.11, Hirot) — fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. Jomiy Madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi „Dilkash“ (Navoiy maʼlumotiga koʻra, „Nizomiya“) madrasasiga kirib, oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlida tahsil olgan. Shu davrdayoq u arab tilini mukammal oʻrgana boshlagan. Keyinroq Jomiy oʻz bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulugʻbek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays qabilardan taʼlim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi. Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. U oʻziga pir qilib Shayx Saʼdiddin Koshgʻariy tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. Jomiy mashhur sufiylar bilan yaqindan muloqotda boʻladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. Oʻzining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoʻja Ahror bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman oʻzini kundalik „Malomatiya“ tariqatiga mansub deb xisoblasada, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland boʻlgan. Jomiy Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshoxligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro oʻtirgandan soʻng Jomiyning mamlakatdagi mavqei juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning koʻp avlodlari oʻzlarini unga murid, deb eʼlon qilganlar.

  1. Saidolim Akbaro