IKKI DUNYO SAODATI

1159

Ikki dunyo saodati degan gap bor. Bir qaraganda, shunchaki, quloqning tashidan oʻtib ketadigan ibora. Lekin chuqurroq ahamiyat bersangiz, unda odamning mazmunli, toʻla-toʻkis umrini ifoda etadigan maʼno borligini anglaysiz. Chunki gʻanimat damlarini yelga sovurmagan, imonini salomat saqlab, oʻzining va yaratganning oldida yuzi yorug` bo`lgan halol odamgina ikki dunyo saodatini topadi. 

Bunday kishilarni kunda, kunora uchratasiz, bir havodan nafas olasiz. Ularni ajratib olish qiyin emas, – yuzlarida nur, koʻzlarida xotirjam qat`iyat va qanoat aks etadi. Dinimiz mudom poklikka, yaxshilik va halollikka chaqiradi. Halollikning eng muhim sharti koʻzni va koʻngilni to`q tutish, to`gʻrilikni hayotning asos me`zoni deb bilishdir. Bu narsa so`zga, kasb-korga, odamlarga va umuman, dunyoga bo`lgan munosabatda ko`rinadi. 

Eski rivoyat va hikoyatlar yoki hayotiy esdaliklarni o`qiganda ba`zan hayratda qolaman. Odamlar hech qanday xat-hujjatsiz, birgina lafzga tayanib, bir-biriga molu jonini ishonib ketavergan. Masalan, kimgadir omonat qoldirilsa, egasi kelgunga qadar o`n yilmi, yigirma yilmi bus-butun saqlagan. Agar haqdor kelmasa, omonati uning bola-chaqalari, avlodlariga berilgan. Yoki boshqa bir misol. Kimdir Allohni guvoh qilib gapirsa, undan boshqa tafsilotlar so`rab o`tirilmagan, hamma ishongan. Allohga qasam qilgan kishi ham, ming shukurki, yolg`on so`zlamagan. Bu kabi misollarni yana ko`plab keltirish mumkin. 

Halollik bilan bog`liq ibratli voqealar kundalik hayotimizda tez-tez uchrab turadi. Mahallamizda bir sodda, samimiy kishi bor. Shu odam o`n yilcha oldin kosibdan o`gʻliga oyoq kiyim olibdi. Bir poyini o`lchabdiyu ko`tarib kelaveribdi. Uyga kelib qarasa, narigi poy ichiga bir taxlam pul tiqib qo`yilgan ekan. Turishidan, kosib boshqa bir poyabzalni sotganu shoshilinchda pulini shu tufliga solgan. O`sha sodda  kishi: “Xudo beraman desa, hech narsa emas ekan-da”, deb tekin aqchani sekingina cho`ntakka ursa ham bo`laverardi. Hech kim ko`rgani yo`q, birov malomat ham qilmaydi. Lekin bunga ichki himoya – halollik yo`l qo`ymaydi. O`sha inson kelasi bozor pulni qaytarib olib boradi. Kosiblar boy savdogarlar emas, tirikchiliklari o`rtamiyona. Shu sabab bitta tuflining puli sezilarli qiymatga ega. Bechora kosib qaytib kelgan mehnat haqqini ko`rib, hayratga tushadi, tili aylanmay qoladi. Halol xaridorga qayta-qayta rahmatlar aytib: “Kosibchilik bilan bog`liq qanaqa ishingiz bo`lsa, to`gʻri kelavering, bir tiyin olmayman”, deb minnatdorchilik bildiradi. Bu voqeani eshitib, chin ko`ngildan quvonasiz, keyin esa halollik hayratlanarli ishga aylanib qolganidan hayratga tushasiz.

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

 o‘rta maxsus islom bilim yurtining 

4-kurs talabasi G`ofurjon XOLBOYEV